Bugun poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis
va hukumat a’zolari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus
vakillari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek,
videokonferensiya aloqa tizimi orqali tuman, shahar va viloyatlardagi mahalliy
kengashlarga saylangan xalq noiblari hamda barcha bo‘g‘indagi ijro hokimiyati
va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar va
jamoatchilik vakillari, O‘zbekistonning 33 mamlakatdagi diplomatlari ishtirok
etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston tarixida ilk marotaba Prezidentning parlamentga
2017-ilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini
2018-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga
bag‘ishlangan Murojaatnomasi taqdim etildi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ko‘plab taraqqiy topgan
mamlakatlarda davlat rahbarining milliy parlament a’zolari huzurida eng asosiy
va dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va jamiyatni demokratik
rivojlantirish bo‘yicha Murojaatnoma bilan chiqish tajribasi mavjud.
Davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli, bugun O‘zbekistonda olib
borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot
prinsipiga g‘oyat uyg‘un va hamohang bo‘lib, har birimizning ish faoliyatimiz
samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli
islohotlarning dastlabki natijalari aholining hayoti va kundalik turmushida
o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda, odamlarning ijtimoiy faolligi, ertangi
kunga ishonchi o‘sib bormoqda.
2017 yilda iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan,
yangicha ma’no-mazmundagi va samarali islohotlarni amalga oshirish yo‘lida
birinchi qadamlar qo‘yildi. Jumladan, qisqa muddatda 161 ta yirik sanoat
ob’ekti ishga tushirildi. Bu kelasi yil qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mlik
mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.
Milliy valyutamizning erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. 336 mingdan
ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Ijtimoiy sohani isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi
ham bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda. Joriy yilda imtiyozli ipoteka kreditlari
asosida arzon uy-joylar qurish loyihasi amalga oshirila boshladi. Shahar va
qishloqlarimizda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va ko‘p
qavatli uy-joylar barpo etildi.
12 ta umumta’lim maktabi yangidan barpo etildi, 320 tasi rekonstruksiya
qilindi, 152 ta maktab kapital ta’mirlandi. 107 ta maktabgacha ta’lim
muassasasi rekonstruksiya qilindi va qurildi, 195 ta bog‘cha kapital
ta’mirlandi. Maktabgacha ta’lim tizimining jamiyatimiz hayotidagi katta o‘rni
va ahamiyatini e’tiborga olib, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. 11
yillik ta’lim qayta tiklandi.
Yangi tashkil etilgan institut va filiallar hisobidan yurtimizdagi oliy
ta’lim muassasalari soni 81 taga, hududlardagi filiallar 15 taga, xorijiy
universitetlar filiallari 7 taga yetdi. Oliy ta’lim muassasalarida
iqtisodiyotning real sektoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, sirtqi va
kechki bo‘limlar ochildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnik
bazasi mustahkamlandi, uning tarkibida bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari va
markazlar faoliyati tiklandi.
Ijodiy uyushmalarning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish,
moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston ijodkorlarini
qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi, shuningdek, madaniyat va san’at
muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida “Do‘stlar klublari”
tashkil etildi.
2017 yil jismoniy tarbiya va sport sohasi bo‘yicha ham katta ishlar
qilindi. Yakuniga yetib borayotgan yilda o‘zbekistonlik sportchilar boks,
dzyudo, taekvando, og‘ir atletika, erkin kurash, sambo bo‘yicha o‘tkazilgan
turli xalqaro musobaqalarda salmoqli yutuqlarga erishdilar. 2017 yil ayniqsa
o‘zbek milliy kurashi tarixida yorqin sahifa bo‘ldi. Sentyabr oyida
Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo olimpiya kengashi bosh assambleyasi
yig‘ilishida ushbu milliy sport turini Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritish
haqida qaror qabul qilindi.
O‘tgan davr mobaynida tashqi siyosat sohasida xorijiy davlatlar,
birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli
munosabatlarni rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Joriy
yilda 21 ta oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ziyod davlat va
xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Natijada 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishildi, qariyb 60 milliard
AQSh dollari hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari 2018 yilga yurtimizda Faol tadbirkorlik,
innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom
berishni taklif etdi. Qatnashchilar bu takliflarni olqishlar bilan
qo‘llab-quvvatladi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda Davlat va jamiyat
qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va
sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va
liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik
va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor
yo‘nalishlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Faol tadbirkorlik biznes faoliyatini innovatsion, ya’ni, zamonaviy
yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etadigan
iqtisodiy yo‘nalishdir. Faol tadbirkor, deganda, raqobatbardosh mahsulot ishlab
chiqarishga qodir, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratib, nafaqat o‘zini va
oilasini boqadigan, balki butun jamiyatga naf keltiradigan ishbilarmon insonlar
tushuniladi.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, bugun biz davlat va jamiyat
hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion
rivojlanish yo‘liga o‘tmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat
bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda yangi fikr, yangi g‘oyaga,
innovatsiyaga tayangan davlat yutadi.
Shu ma’noda, yangi tashkil qilingan Innovatsion rivojlanish vazirligi
nafaqat iqtisodiyot sohasida, balki butun jamiyat hayotida eng muhim
loyihalarni amalga oshirishda o‘ziga xos lokomotiv rolini bajarishi kerak.
Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor
yo‘nalishlari haqida so‘z borar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev “Davlat
xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish vaqti kelganini ta’kidladi.
Islohotlar samarasini oshirishda parlament, deputat va senatorlar
alohida o‘rin tutishi kerak. Lekin amalda ularda faollik va tashabbuskorlik
yetishmayapti. Yil davomida bildirilgan 136 ta qonunchilik tashabbusidan
bor-yo‘g‘i 27 tasi deputatlarga tegishli bo‘lib, ular ham asosan amaldagi
qonunlarga Prezidentning farmon va qarorlaridan kelib chiqadigan o‘zgartish va
qo‘shimchalardir. Parlament faoliyati esa ko‘p hollarda shunchaki rasmiy
yig‘ilishlardan iborat bo‘lib qolmoqda. Xususan, bugungi kunda sog‘liqni
saqlash tizimida talay kamchiliklar mavjud. Qonunchilik palatasi tizimdagi
muammolarni, ayniqsa, joylarda hal etishga qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lar
edi. Davlatimiz rahbari aytganidek, kerak bo‘lsa, Qonunchilik palatasida
Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha alohida qo‘mita tashkil etib, uning
a’zolari asosan hududlarda faoliyat ko‘rsatsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Oliy Majlis rahbariyati qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb
qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy
etish, jumladan, Internet tarmog‘ida maxsus “maydon”lar yaratishi zarur. Shu
munosabat bilan har bir fuqaro davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim
masalalar bo‘yicha o‘z fikrini bildirishi uchun Internet tarmog‘ida “Mening
fikrim” deb nomlangan maxsus veb-sahifa tashkil etish maqsadga muvofiq.
Prezident Shavkat Mirziyoyev demokratiyaning ilg‘or mexanizmi sifatida jamoa
bo‘lib elektron murojaat kiritish tartibini tatbiq qilish ham zarurligini
ta’kidladi.
Davlat organlari faoliyatini rejalashtirish, samaradorligini oshirish
hamon dolzarb masala bo‘lib turibdi. Bugun birorta idoraning o‘tgan davrdagi
faoliyatini xolisona baholash imkonini beradigan aniq mezon yo‘q. Shuning uchun
vazirlik va idoralar, barcha darajadagi hokimliklar prognoz ko‘rsatkichlarni
belgilashda o‘z faoliyatida kutilayotgan natijalarning aniq miqdor va sifat
ko‘rsatkichlarini belgilab olishi lozim. Davlat boshqaruv organlari va Vazirlar
Mahkamasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha prinsip va
mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Eng og‘ir muammolardan biri – davlatning funksiya va vakolatlari haddan
tashqari markazlashib ketganidir. Masalan, hozirgi vaqtda 64 ta litsenziya turi
mavjud bo‘lsa, shundan 21 tasi Vazirlar Mahkamasi va 40 tasi markaziy idoralar
tomonidan beriladi. Bu litsenziyalarning uchtasi viloyat hokimliklari va
faqatgina bittasi tuman hokimliklari vakolatiga tegishlidir. Shundan kelib
chiqish, Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvini haddan tashqari
markazlashtirishdan voz kechish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun ko‘pgina
vakolatlarni markaziy davlat organlaridan hududiy organlarga o‘tkazish kerak.
Erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, inson huquq va erkinliklarini
himoya qilish borasida amalga oshirayotgan islohotlarda nodavlat notijorat
tashkilotlarining alohida o‘rni bor. Ammo aholining muammolarini tizimli
o‘rganish, ularni aniq hal etish, ayniqsa, ijtimoiy sharoiti og‘ir ayollarni
qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va
jinoyatchilikning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlash masalalarida bu
tashkilotlarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayapti. Bu boradagi
kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashini tuzish,
“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish taklifi ilgari
surildi.
Jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy
axborot vositalari muhim va ta’sirchan omil hisoblanadi. Shu munosabat bilan
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil etish
zarurligi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq
tizimini yanada isloh qilish to‘g‘risida so‘z yuritib, Oliy Majlis huzurida Sud
hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashish komissiyasini tashkil
etish tashabbusini ilgari surdi. Bu komissiya odamlardan kelib tushayotgan
murojaatlar, xalq bilan bevosita uchrashuv va muloqot jarayonida
ko‘tarilayotgan masalalarni umumlashtirishi, parlament so‘rovi orqali haqqoniy
vaziyatni tahlil qilishi, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi bilan birga
muammolarni hal etish choralarini ko‘rishi lozim.
Shuningdek, yuksak professional darajada faoliyat yuritadigan malakali
sudyalarni tayyorlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov
akademiyasini tashkil etish kerakligi qayd qilindi.
Shu maqsadda o‘tgan bir yil mobaynida sud, prokuratura, ichki ishlar
organlari faoliyatini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga
oshirildi. Lekin bu borada qabul qilingan qator hujjatlar hayotga to‘liq tatbiq
etilmayapti. Ichki ishlar idoralari hali chinakam “Xalqparvar ichki ishlar
idoralari”ga aylangani yo‘q. Prokuratura organlarining esa jamiyatda qonun
ustuvorligini ta’minlash borasidagi faoliyati yetarli emas. Sud idoralari
hali-hamon har qanday holatda adolat qaror topadigan maskanga aylangani yo‘q.
Shu sababli bu sohadagi islohotlar kelgusida ham qat’iy va izchil davom etadi.
Milliy xavfsizlik xizmati idoralari bugungi kungacha 26 yil avval
hukumat tasdiqlagan Nizom asosida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu hujjat chorak
asr davomida o‘zgartirilmagani ushbu idora vakolatlarining asossiz kengayib
ketishiga sabab bo‘ldi. Shu bois, davlatimiz rahbarining fikricha, Milliy
xavfsizlik xizmati faoliyatini ham isloh qilish vaqti keldi. Prezident Shavkat
Mirziyoyev “Huquqni muhofaza qiluvchi organlar to‘g‘risida”gi va “Milliy
xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishni
taklif etdi.
Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor
yo‘nalishlari haqida so‘z borar ekan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi
ma’lumotlariga ko‘ra, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot
hajmi bo‘yicha O‘zbekiston dunyo reytingida 187 mamlakat o‘rtasida 134-inchi
o‘rinda turishi ta’kidlandi. Vaholanki, yurtimiz boy tabiiy resurslarga, katta
iqtisodiy salohiyatga ega. Hamma gap ana shu zaxirani xalq manfaati yo‘lida
oqilona va samarali ishlata olishdadir.
Iqtisodiyotda boshqaruv tizimi eskirgani, innovatsion g‘oyalarni
qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali mexanizmlar o‘z vaqtida joriy qilinmagani
jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, texnologik qoloqlik, resurs va
energiyani tejaydigan texnologiyalar, muqobil energiya manbalarini tatbiq
etishning sustligi iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda.
Shu nuqtai nazardan davlatning innovatsion yangilanish dasturini
shakllantirish, innovatsiya va investitsiyalardan samarali foydalanadigan yangi
avlod kadrlarini, yangi sarmoyadorlar sinfini tayyorlash o‘ta muhim ahamiyatga
ega. Buning uchun O‘zbekistonni texnologik rivojlantirish va ichki bozorni
modernizatsiya qilish bo‘yicha kuchli milliy g‘oya, milliy dastur kerak.
2018 yil faol tadbirkorlikni rivojlantirish e’tibor markazida bo‘ladi.
Bu sohani qo‘llab-quvvatlash, biznes sub’ektlarini jadal va barqaror
rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur
choralar ko‘riladi.
Ayrim korxonalarga imtiyozlar berilgani erkin raqobat muhiti
bo‘g‘ilishiga olib keldi. Endi bunday amaliyotdan voz kechiladi. Bozor
iqtisodiyoti sharoitida teng va halol raqobat muhitini yaratish maqsadida
“Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yanada samarali ta’minlash chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi farmon loyihasi ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga
qo‘yildi.
Bojxona tartib-taomillarining murakkabligi tadbirkorlikka to‘sqinlik
qilayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Jahon bankining hisobotiga
ko‘ra, eksport-import hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston 190
davlat orasida 175-o‘rinda turadi. Bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun
Belgiyada 1 soat kifoya qilsa, O‘zbekistonda 1 oy muddat sarflanadi. Shu
munosabat bilan kelasi yildan boshlab, tadbirkorlik sub’ektlari uchun bojxona ko‘rigida
xavf-xatardan ogoh etish tizimi, ya’ni, tadbirkorlar qanchalik halol ekaniga
qarab, ularni “yashil” va “qizil” yo‘laklar orqali o‘tkazish joriy etiladi.
Ayni vaqtda noqonuniy tekshirishlar, xususiy biznes faoliyatiga asossiz
aralashishga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari
faoliyatini tekshirish tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Tekshirish
o‘tkazishga ruxsat berishning maxsus elektron axborot tizimiga o‘tilib, uning
nazorati Bosh prokuraturaga yuklanadi. Barcha tadbirkorlik sub’ektlarining
moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish 2 yilga to‘xtatiladi.
Biz bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlarini o‘zaro sheriklik asosida
xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Internet
tarmog‘ida elektron savdolar va auksionlar orqali yer uchastkalarini, jumladan,
tadbirkorlar uchun ajratishning yagona tartibi o‘rnatilib, 2018 yildan elektron
savdo maydonlari orqali davlat aktivlarini sotish bo‘yicha elektron tizim
tashkil etiladi.
Iqtisodiyotni rivojlantirishda puxta va barqaror bank-moliya tizimi
ulkan ahamiyatga ega. 2018-yilda bank tizimi faoliyatini rivojlantirish
bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishda banklar bilan tadbirkorlik
sub’ektlari o‘rtasida samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini
ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekistonda xalqaro standartlar asosida valyutani liberallashtirish
jarayoni boshlandi. Valyuta siyosati biznes va iqtisodiyotni rivojlantirish
manfaatlariga to‘liq xizmat qilishi, investitsiya faoliyatiga ijobiy turtki
berishi lozim.
2018-yilda soliq siyosatini amalga oshirishda keskin chora-tadbirlardan
voz kechiladi. Chunki islohotlar davrida davlat tizimining uzluksiz faoliyat
ko‘rsatishi uchun byudjet barqaror bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatida
bo‘lgan investorlar uchun mamlakatimizni jozibali qilish maqsadida soliq tizimi
takomillashtiriladi. Barcha biznes toifalari uchun soliq yukini kamaytirish va
qulaylashtirish, shu asosda ishlab chiqarishni va soliqqa tortiladigan bazani
kengaytirish zarur. Soliq imtiyozlari berishda individual yondashuvlardan voz
kechib, ularni faqat iqtisodiyotning ma’lum tarmoqlari uchun qo‘llash
amaliyotiga o‘tiladi.
Davlatimiz rahbari aytganidek, byudjet tizimini qayta ko‘rib chiqish,
byudjet daromadlari va xarajatlari ochiq va oshkora bo‘lishi ta’minlash lozim.
Tashqi iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan katta imkoniyat va
zaxiralar mavjud. Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlari va yirik sheriklar –
Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSh, Turkiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari
bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish davom ettiriladi. Kelasi yilda
Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlanadi.
Asosiy maqsad – tashqi bozorga sifatli va sertifikatlangan mahsulotlarni
“o‘zbek brendi” nomi bilan olib chiqishdan iborat.
Hozirgi kunda milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan
istiqbolli tarmoqlardan biri – bu turizmdir. Bu sohaga jahon brendlarini faol
jalb etgan holda, ziyorat turizmi, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik
turizm va bu sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga alohida e’tibor
qaratiladi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotimizdagi yetakchi tarmoq – qishloq
xo‘jaligi sohasidagi eng muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Yurtimizda 51
foizdan ziyod aholi qishloq joylarda yashaydi. Biroq qishloq xo‘jaligi
mahsulotlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 17 foizdan oshmaydi.
Agrar soha mahsulotlarini qayta ishlash hajmi esa 10 foizga yetmaydi. Shu
munosabat bilan qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish bo‘yicha kompleks
dastur ishlab chiqish lozim.
Hududlarni jadal iqtisodiy rivojlantirish haqida so‘z borar ekan, bu
borada mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, imkoniyat va
javobgarligini kengaytirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Buning uchun
Davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini joriy etish konsepsiyasini ishlab
chiqish va amalga oshirish kerak.
Qurilish-pudrat tashkilotlari va quruvchilarning zamonaviy avlodini
yaratish – dolzarb masalalardan biri. Shu maqsadda qurilish sohasini 2030
yilgacha innovatsion rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha
ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtalib, ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholining
munosib hayot darajasi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha
“iste’mol savatchasi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda
ta’minlash mexanizmlarini yaratish lozimligini qayd etdi.
Ayni vaqtda aholining real daromadlari, ish haqi, stipendiya, pensiya va
ijtimoiy nafaqalarni bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha ham amaliy choralar
ko‘riladi.
Salomatlikni muhofaza qilish borasida hududlar aholisi uchun qulay
bo‘lgan, sifatli va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarni barvaqt
aniqlash bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom etadi. Xususiy tibbiyotni
jadal rivojlantirish uchun xorijiy investorlarni jalb etish va chet ellik
mutaxassislar mamlakatimizda doimiy faoliyat yuritishini ta’minlashga
qaratilgan ishlarni yanada kuchaytiriladi. Yaqin vaqt ichida aholini arzon va
sifatli dori vositalari bilan ta’minlaydigan 2 mingta ijtimoiy dorixona qurib,
ishga tushiriladi. 2018 yilda 46 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi
negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi.
Yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash
borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida “Yoshlarga oid davlat
siyosati to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Shu asosda yangicha
yondashuvlar hayotga faol joriy etilmoqda. Endi O‘zbekiston yoshlari xalqaro
assotsiatsiyasi tuziladi. Yoshlar xorijdagi tengdoshlari bilan ilm-fan,
madaniyat, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faol muloqotda bo‘lishi
ularning o‘z salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etishi uchun katta imkoniyat
yaratadi. Shuning uchun kelasi yil Samarqand shahrida Markaziy Osiyo yoshlari
forumini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan buyon ham ingliz tili va boshqa xorijiy tillarni chuqur o‘qitish
masalasiga ustuvor ahamiyat beriladi.
2018-yilda namunaviy va arzon uy-joylar qurish ko‘lami joriy yilga
nisbatan 1,5 barobar ko‘paytiriladi.
Ma’lum qilinganidek, kelasi yil yangi yo‘llar barpo etish,
transport-logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan
xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar rejalashtirilgan.
Madaniy meros ob’ektlarini ishonchli qo‘riqlash va ulardan oqilona
foydalanish tizimini takomillashtirish maqsadida Arxeologik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash
va arxeologik topilmalarni saqlash dasturi ham qabul qilinadi.
Jismoniy tarbiya va sport sohasining moddiy-texnik bazasini
mustahkamlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida sidqidildan
xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash
ishlari izchil davom etiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy
bag‘rikenglikni ta’minlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor
yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Dunyodagi tahlikali vaziyatni hisobga olgan holda,
tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashni
har tomonlama kuchaytirish shart. Bu – zamon talabi. Avvalo, shu yo‘nalishda
shakllangan tizim samaradorligini yanada oshirish, ayniqsa, diniy masalalar
bilan bevosita shug‘ullanadigan hokim o‘rinbosarlari, mutasaddi tashkilotlar
mas’uliyatini yanada kuchaytirish zarur. Xususan, mahalla raislari,
profilaktika inspektorlari, imom-xatiblar, diniy-axloqiy masalalar bo‘yicha
maslahatchilar, yoshlar, xotin-qizlar tashkilotlari faollari birgalikda ish
olib borishi lozim.
Axborot resurslari orqali tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalarning oldini
olish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari tarkibida alohida bo‘linmalar
tashkil etiladi.
Jamiyatimizda diniy konfessiyalar o‘rtasida hamjihatlik va fuqarolar
totuvligini mustahkamlash bundan buyon ham eng dolzarb vazifalardan bo‘lib
qoladi.
O‘tgan qisqa davrda milliy armiyamizni isloh qilish bo‘yicha aniq
chora-tadbirlar qabul qilinib, Qurolli Kuchlarimiz qiyofasini tubdan
o‘zgartirish jarayoni boshlandi. Harbiy sohadagi islohotlar samarasini oshirish
maqsadida Mudofaa doktrinasi yangidan qabul qilinadi. Ushbu doktrina
O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik tamoyilini, yaqin qo‘shnilar bilan
do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirishni ifoda etadi.
Ayni paytda mudofaa sohasida bajarilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar
bor. Avvalo, Milliy xavfsizlik konsepsiyasi hamda Mudofaa doktrinasining
samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha ko‘p ish
qilish kerak. Xususan, Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy
texnika bilan ta’minlash uchun Mudofaa-sanoat kompleksini shakllantirish va
rivojlantirish davlat dasturini qabul qilish zarur.
Mamlakatimizda qabul qilingan Harakatlar strategiyasiga muvofiq
O‘zbekiston tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar, avvalo,
qo‘shni mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli
hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirish siyosatini izchil davom ettiradi.
Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlari bilan
siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda tuzilgan shartnoma va
kelishuvlar o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishi uchun barcha zarur
chora-tadbirlar ko‘riladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taqdim etilgan Murojaatnomada
bayon qilingan reja va loyihalar, hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini,
xalqimiz farovonligini yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga xizmat
qiladi.
Bu maqsadlarni to‘liq va samarali amalga oshirish uchun tegishli huquqiy
asos va mexanizmlarni yaratish zarur. Shu munosabat bilan Bosh vazir,
Prezidentning Davlat maslahatchilari barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi
organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar,
Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari bilan birgalikda Murojaatnomadan
kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni so‘zsiz amalga oshirishga doir kompleks
chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlashni ta’minlash vazifasi
topshirildi.

Комментариев нет:
Отправить комментарий