O’zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat va Yakkabog’ tuman
Kengashining sa’y-harakatlari bilan Dilfuza sog’lom hayotga qaytdi.
Dilfuza Buxorova 2002-yil 6-sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘
tumanida tug‘ilgan Dilfuza 3 yoshida onasidan ayrilib, momosining bag‘rida o‘sdi,
ulg‘aydi. Hayotning achchiq-chuchuklari 2010-yilda mehribon momosining
vafotidan so‘ng boshlandi. Bu orada otasiga ikkinchi xotin bo‘lib tushgan ayol
Dilfuzani o‘z qizidek ko‘ra olmadi. Bir so‘z bilan aytganda, “yetimni boshini
silash”ni, uning savobi ikki dunyoga yetishini unutdi.
Natijada kun ora arzimagan urush-janjallar Dilfuzani qiynab yubordi. U
har uydan qochib ketganida xolasinikida yoki Qashqadaryo viloyat voyaga
yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish Markazidan qo'nib topib yashab
yurardi.
— Bu holat 2010-yildan buyon takrorlanadi, — deydi Dilfuza ko‘zda yosh
bilan. — Uydagi urush-janjallardan qochib Shahrizabz tumani Shamoton
qishlog‘ida yashovchi xolamnikiga borib, shu qishloqdagi maktabda 3 sinfdan 4
sinfning III choragigacha ta’lim oldim. Bu orada otam janjal qilib meni
uyimizga olib ketdi. 2 yil maktabga yubormadi. 2016-yil sentabr oyida akamni
xonadoniga ko‘chib bordim va Yakkabog‘ tumanidagi 21-maktabda 5-sinfga qadar
o‘qidim. Keyinchalik, yangam meni Nodira ismli begona bir ayolga berib yubordi.
U yerda ham rosa qiynaldim. Otamni faqatgina davlat tomonidan menga beriladigan
yordam puli qiziqtirar edi. Yana meni topib uyga olib ketdi va ishlab pul
topasan, deb ko‘chaga haydadi. Ilojsiz maktabga bora olmadim. O‘qituvchimiz maktabga
bor, deb uyimizga kelganida har doimgidek janjal boshlandi va men yana uydan
bosh olib ketdim va viloyat voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam
ko‘rsatish Markaziga joylashdim. Hozir yoshim 16 da. Shu ahvolda yana qancha
yashayman, degan javobsiz savollar meni qiynab yurgan bir vaqtda Yoshlar
ittifoqining viloyat Kengashi raisi Sh.Sattorov va bo‘lim mudiri M.Shukurovalar
Markazga kelishdi. Muammolarimni, tashvishlarimni va qiziqishlarimni
o‘rganishdi. Yoshlar ittifoqining ko‘magi bilan endi qonuniy asosda xolam bilan
yashayman.
Shuningdek, zamonaviy tikuv mashinasi ham sovg‘a sifatida menga taqdim
etildi. Endi to‘garakda malakamni oshirib, kasbimning ustasi bo‘lib yetishishni
o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim.
Ahror Sodiqov.
Комментариев нет:
Отправить комментарий